Tilshunoslik terminologiyasining shakllanishi, rivojlanishi va me’yorlashuvida terminografik manbalar muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi. Muayyan tilning terminologik tizimi faqat ilmiy tadqiqotlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari asosida emas, balki terminlarni maxsus tartibda jamlash, izohlash, muqobillashtirish, tizimlashtirish va me’yorlashtirishga yo‘naltirilgan lug‘atlar orqali ham shakllanadi. Shu bois o‘zbek va qirg‘iz tillardagi tilshunoslik terminografiyasining lug‘aviy manbalarini tadqiq etish terminlarning tarkibiy, semantik, nominativ va funksional xususiyatlarini aniqlash, ularning muqollik darajasini belgilash hamda lug‘atlarda aks etish tamoyillarini ochib berish imkonini beradi.
O‘zbek va qirg‘iz tillari turkiy tillarning turli guruhlariga mansub bo‘lishiga qaramay, ularning terminologik tizimlari shakllanishida umumturkiy leksik qatlam, milliy tilning ichki so‘z yasash imkoniyatlari, boshqa tillardan o‘zlashgan birliklar hamda xalqaro ilmiy terminologiya muhim omillar sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, rus tilining tarixiy-ilmiy aloqalar vositasi sifatidagi mavqei natijasida har ikki tilda ham ko‘plab lingvistik terminlarning ruscha yoki xalqaro terminologiya bilan bevosita yoki bilvosita aloqasi shakllangan. Shu jihatdan o‘zbek va qirg‘iz terminografik manbalarini qiyosiy o‘rganish terminlarning faqat lug‘aviy muqobilligini emas, balki ularni yaratish, tanlash, izohlash, me’yorlashtirish va tizimlashtirishning umumiy hamda farqli jihatlarini aniqlash uchun ham muhimdir.
O‘zbek tilshunoslik terminografiyasining dastlabki manbalari maxsus terminologik lug‘atlardan ko‘ra, tilshunoslikka oid darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy tadqiqotlar va umumiy izohli lug‘atlarda shakllangan terminologik qatlam bilan bog‘liqdir. Tilshunoslik fanining rivojlanishi bilan birga ilmiy muomalada faol qo‘llanadigan terminlarni alohida jamlash, ularning mazmunini izohlash va terminologik tizimdagi o‘rnini belgilash ehtiyoji yuzaga kelgan. Natijada lingvistik terminlarni maxsus lug‘atlar shaklida tizimlashtirish jarayoni bosqichma-bosqich rivojlangan.
O‘zbek leksikografiyasi taraqqiyotida umumiy izohli lug‘atlar ham terminologik birliklarni qayd etish va ularning ma’nolarini yoritishda muhim manba vazifasini bajargan. Xususan, 1981-yilda nashr etilgan ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da umumiste’mol so‘zlari bilan bir qatorda fan, texnika va turli kasb-hunar sohalariga oid terminlar ham o‘z aksini topgan. Ushbu lug‘atning keyingi nashrlarida ham terminologik birliklarning qamrovi kengayib, fan va texnikaning turli sohalariga mansub terminlar izohlangan. Bunday lug‘atlar tilshunoslik terminlarini umumxalq tilining lug‘aviy tizimida qayd etish bilan birga, ularning semantik xususiyatlari va qo‘llanish doirasini aniqlash uchun ham muhim material bo‘lib xizmat qilgan. Biroq umumiy izohli lug‘at bilan maxsus terminologik lug‘atning funksional vazifalari o‘zaro teng emas. Umumiy izohli lug‘atlarda termin, avvalo, tilning lug‘aviy birligi sifatida qayd etilib, uning umumiy yoki sohaga xos ma’nosi yoritilsa, terminologik lug‘atda muayyan ilmiy tushunchani ifodalovchi birlikning terminologik mohiyati, difinitsiyasi, tizimdagi o‘rni va boshqa terminlar bilan munosabati asosiy obyekt sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun lingvistik terminlarni maxsus lug‘atlarda alohida tizim ifatida berish o‘zbek terminografiyasining muhim taraqqyot bosqichlaridan biri hisoblanadi. O‘zbek tilshunoslik terminografiyasida 1985-yida nashr etilgan A.Hojiyevning “Lingvistik terminlarning izohli lug‘ati” alohida o‘ringa egadir. Unda o‘zbek tilshunosligida ilmiy muomalada mavjud bo‘lgan lingvistik terminlar jamlanib, ularning mazmunini o‘zbek tilida izohlashga e’tibor qaratilgan. Ushbu lug‘atda olim terminlarni shunchaki boshqa tildan tarjima qilish yoki muqobilini ko‘rsatish bilan cheklanmasdan, ularning ilmiy mazmunini ochib berishga alohida e’tibor qaratgan. A.Hojiyev tomonidan 2002-yilda nashr etilgan “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da esa tilshunoslikning an’anaviy bo‘limlariga oid terminlar bilan bir qatorda nazariy va metodologik xarakterdagi ko‘plab birliklar ham tizimlashtirilgan. Xususan, fonetika, fonologiya, leksikologiya, frazeologiya, dialektologiya va leksikografiya kabi sohalarga mansub terminlar yagona terminografik tizimga jamlangan. Shu xususiyatiga ko‘ra mazkur lug‘at o‘zbek tilshunosligi terminografiyasining tarkibiy qamrovini aniqlash va terminlar o‘rtasidagi mazmuniy munosabatlarni kuzatish uchun muhim manba hisoblanadi. A.Hojiyev tomonidan L.Reshetov bilan hamkorlikda 1980-yilda yaratilgan “O‘zbek tili grammatik terminlarining qisqacha izohli lug‘ati” hamda 1985-yilda nashr etilgan “Lingvistik terminlarning izohli lug‘ati” o‘zbek tilshunoslik terminografiyasining shakllanishida muhim manbalardan hisoblanadi. Ushbu lug‘atlarda jamlangan terminologik materiallar keyingi davrda qayta ko‘rib chiqilib, yangi terminlar bilan boyitilgan va takomillashtirilgan holda 2002-yilda “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati” nomi ostida nashr etilgan.
O‘zbek tilshunoslik terminografiyasining keyingi taraqqiyot bosqichida N.Mahkamov hamda I.Ermatovlarning 2013-yilda nashr etilgan “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati” ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, lug‘atda terminlarning faqat ilmiy muomaladagi holati emas, balki maktab darsliklarida qo‘llanadigan tilshunoslik terminlarini tartibga solish va ularning qo‘llanishini me’yorlashtirish bilan bog‘liq jihatlari tavsiflangan.
Tilshunoslik terminlariga oid lug‘at yaratgan yana bir olim Sh.Safarovning 2023-yilda nashr ettirgan “Tilshunoslik terminlari lug‘ati”da zamonaviy tilshunoslikda keng qo‘llanayotgan terminlarning o‘zbek tilidagi muqobillari izohi bilan keltirilgan. O‘zbek tilshunoslik terminografiyasining rivojlanishida zamonaviy lingvistik yo‘nalishlarning shakllanishi yangi terminlarni lug‘atlashtirish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda. D.Xudoyberganova tomonidan 2024-yilda nashr etilgan “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati” da kognitiv tilshunoslik, progmalingvistika, sotsiolingvistika, lingvomadaniyatshunoslik, psixolingvistika, assotsiativ tilshunoslik, gender tilshunosligi, medialingvistika, matnshunoslik singari zamonaviy yo‘nalishlarga oid terminlar izohlangan. O‘zbek tilshunoslik terminografiyasining rivojlanishini shartli ravishda quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin: terminlarning darslik va ilmiy tadqiqotlarda shakllanishi, ularni maxsus lug‘atlarda jamlash, terminlarning mazmunini izohlash, terminologik birliklarni me’yorlashtirish, yangi lingvistik yo‘nalishlar terminlarini lug‘atlashtirish hamda terminografik ma’lumotlarni raqamli muhiga ko‘chirish. Ushbu jarayon terminografiyaning statik lug‘atchilikdan dinamik va elektron terminologik tizimga tomon rivojlanib borayonganini ko‘rsatadi.
Qirg‘iz tilshunoslik terminografiyasi ham milliy tilshunoslikning shakllanishi va taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq ravishda rivojlangan. Buning dastlabki ilmiy asoslari K.Tynystanov faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, u qirg‘iz tilining fonetik, leksik va grammatik terminologiyasini shakllantirishga katta xissa qo‘shgan. K.Tynstanovning “Ene tilibiz”, “Kyrgyz tilining morfologiyasi”, “Kyrgyz tilinin sintaksisi” kabi asarlarida qirg‘iz tilshunosligining asosiy tushunchalarini ifodalovchi terminlar tizimi shakllangan. Olimning 1933-yilda I.Toychu uulu tomonidan “Terminder. Koom-ekonomika terminderi” nomli ishning yaratilishi ham qirg‘iz terminografiyasi tarixida terminlarni maxsus tartibga joylash va tizimlashtirish jarayonining muhim bosqichi sifatida qaraladi.
Qirg‘iz terminologiyasining rivojlanishida B.Oruzbayevaning ilmiy faoliyati ham alohida ahamiyatga egadir. Uning tadqiqotlarida terminologiyaning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy terminlarni qirg‘iz tiliga o‘girish, milliy tilning ichki imkoniyatlari asosida terminlar yaratish hamda terminologik tizimni tartibga solish masalalari muhim o‘rin egallaydi. Olimaning 1983-yilda nashr ettirgan «Кыргыз терминологиясы» asari termin yaratish tamoyillarini anglash hamda milliy terminologik tizimning xususiyatlarini aniqlash uchun muhim nazariy manba vazifasini bajaradi. B.Oruzbayevaning «Лингвистикалык терминдердин орусча-кыргызча сөздүгү» lug‘ati ruscha va qirg‘izcha terminlar o‘rtasidagi ekvivalentlik munosabatlarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.
Qirg‘iz leksikografiyasida «Кыргыз тилинин түшүндүрмө сөздүгү» ham terminografik manba sifatida muhim o‘ringa egadir. Garchi bu asar terminologik lug‘at hisoblanmasa-da, unda qirg‘iz tilining ilmiy va lingvistik leksikasiga mansub birliklar ham aks etgan. Ushbu asarning dastlabki yirik nashri 1969-yilda J. Shükürov rahbarligida bir jild shaklda chop etilib, unda taxminan 25 ming so‘z va so‘z birikmasi jamlangan. Keyinchalik esa uning birinchi jildi 1984-yilda qayta nashr qilingan. 2011-yilda «Кыргыз тилинин түшүндүрмө сөздүгү»ning ikki jildli nashri tayyorlangan. Ushbu lug‘at zamonaviy qirg‘iz leksikografiyasining muhim manbalaridan biri bo‘lib, undagi ilmiy va maxsus leksik birliklar terminlarning umumtil doirasidagi qo‘llanishini, ularning semantik xususiyatlarini va me’yorlashuv jarayonini o‘rganish uchun manba hisoblanadi.
2010-yilda Bishkekda nashr etilgan «Атоолордун (терминдердин) орусча-кыргызча сөздүгү» da turli fan sohalariga oid termin va atamalarning ruscha-qirg‘izcha muqobillari berilgan. 1983-yilda X.Karasaevning «Кыргыз тилинин орфографиялык сөздүгү» asari nashr etilgan bo‘lib, 2009-yilda qayta ishlangan hamda o‘z ichiga 80 mingta so‘zni ichiga qamrab olgan. Mazkur nashr 2008-yilda tasdiqlangan qirg‘iz tilining imlo qoidalari asosida qayta ishlangan. Bunday lug‘atlar maxsus terminologik lug‘at sifatida qaralmasa-da, elektron terminografik tizim uchun muhim lingvistik resurs vazifasini bajaradi. Xususan, ulardan terminlarning imloviy variantlarini tekshirish, bosh so‘z shaklini standartlashtirish, yozuv variantlarini anqlash va elektron lug‘atda qidiruvni takomillashtirishda foydalanishi mumkin.
O‘zbek va qirg‘iz tillari terminografiyasining tarixiy taraqqiyoti shuni ko‘rsatadiki, yuqorida nomlari keltirilgan olimlarning terminografik ishlari ushbu tizimning shakllanishi va takomillashuvida muhim manba vazifasini bajargan. Biroq mavjud lug‘atlarning aksariyati muayyan til doirasida yoki ma’lum bir manba va ilmiy yo‘nalish chegarasida tuzilgan bo‘lib, o‘zbek va qirg‘iz tilshunoslik terminlarini yagona qiyosiy elektron tizimda izlash, ularning muqobilligi, semantik munosabati va funksional xususiyatlarini bir vaqtning o‘zida kuzatish imkonini to‘liq ta’minlamaydi. Shu jihatdan tadqiqotimiz doirasida yaratilgan o‘zbek va qirg‘iz tilshunoslik terminlarining elektron lug‘ati mavjud terminografik tajribaning mantiqiy davomi hamda uni raqamli muhitda yangi bosqichga olib chiquvchi ilmiy-amaliy vosita sifatida ahamiyat kasb etadi. Yaratilgan elektron lug‘atning muhim afzalliklaridan biri uning ikki tilli qiyosiy terminografik xususiyatga ega ekanligi bilan belgilanadi. An’anaviy o‘zbek yoki qirg‘iz terminologik lug‘atlarida, odatda, bir tilning terminologik tizimi alohida tavsiflanadi yoki terminning boshqa tildagi muqobili ko‘rsatiladi. Biz yaratgan elektron lug‘atda esa o‘zbek va qirg‘iz tilshunoslik terminlari o‘zaro qiyoslash imkonini beradigan yagona tizimga birlashtiriladi. Natijada lug‘atdan foydalanuvchi bir terminning ikki tildagi nomalanishi, etimologiyasi, mazmuni, muqobilligi va qo‘llanish xususiyatlarini bir tizim doirasida kuzatishi mumkin. Bu, ayniqsa, turkiy tillarning terminologik tizimlarini qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganishda muhim metodologik qulaylik yaratadi. Elektron lug‘atning yana bir muhim jihati uning turli terminografik manbalarni integratsiyalash imkoniyati bilan bog‘liqdir. Olib borilgan qiyosiy tadqiqimiz natijasida shu narsa ayon bo‘ldiki, o‘zbek va qirg‘iz tillaridagi lingvistik terminlar umumiy izohli lug‘atlar, maxsus terminologik lug‘atlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ilmiy tadqiqotlarda turlicha shaklda qayd etilgan. Avvalgi yaratilgan lug‘atlar muayyan davr yoki ilmiy yo‘nalishdagi terminologik holatni aks ettirgan bo‘lsa, elektron lug‘at turli manbalarda mavjud terminlarni yagona raqamli muhitda jamlash va ularni o‘zaro bog‘langan holda taqdim etish imkonini beradi. Shu sababli ushbu lug‘at faqat terminlarning ro‘yxatini beruvchi vosita emas, balki terminografik ma’lumotlarni tizimlashtiruvchi va ular o‘rtasidagi munosabalarni aniqlashga xizmat qiluvchi raqamli ilmiy resurs sifatida qaralishi mumkin. Lug‘atning ilmiy qiymatini belgilovchi asosiy jihatlardan biri ‒ unda terminning faqat nominativ shakli emas, balki uning mazmuni va terminologik tizimdagi o‘rniga e’tibor qaratilishidir. An’anaviy lug‘atlarda terminning nomi va izohi foydalanuvchi uchun asosiy ma’lumot bo‘lsa, elektron format termin haqidagi ma’lumotlarni tizimli ravishda kengaytirish imkonini beradi. Jumladan, terminning o‘zbekcha va qirg‘izcha shakli, etimologiyasi, uning izohi, muqobili, tegishli lingvistik sohasi va boshqa terminlar bilan aloqasi kabi parametrlarni birgalikda ko‘rsatish mumkin. Bunday yondashuv terminni alohida leksik birlik sifatida emas, balki muayyan terminologik tizimning tarkibiy elementi sifatida tadqiq etishga sharoit yaratadi. Yaratilgan elektron lug‘atning o‘ziga xos ustunliklaridan yana biri qidiruv va foydalanish imkoniyatlarining kengayishidir. Bosma lug‘atda kerakli terminni topish foydalanuvchidan alifbo tartibida izlashni talab qiladi. Elektron lug‘atda esa terminni uning to‘liq yoki qisman shakli, til xususiyati, lingvistiksohasi yoki muayyan parametriga ko‘ra izlash imkoniyatilarini tashkil etish mumkin. Bu foydalanuvchining vaqtini tejash bilan birga, katta hajmdagi terminologik materialni tezkor ravishda tahlil qilish imkonini beradi. Shuningdek, elektron format yangi terminlar bilan lug‘at bazasini to‘ldirish, mavjud ma’lumotlarni tahrirlash, va takomillashtirish imkoniyatini ham ta’minlaydi. Shu jihatiga ko‘ra lug‘at statik bosma nashrdan farqli ravishda yangilanib boruvchi dinamik terminografik tizim sifatida shakllanishi mumkin.
Elektron lug‘atning ilmiy-amaliy ahamiyati, ayniqsa, o‘zbek va qirg‘iz tillarida qiyosiy tadqiqot olib boruvchi olimlar uchun yaqqol namoyon bo‘ladi. Tadqiqotchi ikki til terminologiyasidagi o‘xshash va farqli birliklarni bir manbadan aniqlashi, terminlarning shakliy va semantik muqobilligini taqqoslashi, bir terminologik tushunchaning ikki tilda qanday nomlanganini kuzatishi mumkin. Bu esa qiyosiy-tipologik tadqiqotlarda foydalaniladigan emperik materialni izlash va saralash jarayonini sezilarli darajada yengillashtiradi. Xususan, terminlarning to‘liq muqobilligi, qisman muqobilligi, shaklan o‘xshash, ammo mazmunan farqli yoki bir tilda mavjud bo‘lib, ikkinchi tilda alohida nominativ birlik bilan ifodalangan holatlarni aniqlash uchun elektron lug‘at muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Aniq ilmiy tushunchani bildiradi.
Soha doirasida barqaror qo'llanadi.
Izoh va misol orqali tushuntiriladi.
Manba asosida tasdiqlanishi mumkin.
Termin kelib chiqishi, qaysi til yoki ildiz bilan bog'liqligini ko'rsatadi.
Termin bildiradigan tushunchani sodda va ilmiy jihatdan tushuntiradi.
Termin real matnda qanday ishlatilishini va qaysi manbadan olinganini ko'rsatadi.