Terminning o'zbekcha etimologiyasi
Ushbu termin “lmiy”‒ arabcha “ilm” (علم) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “bilim”, “fan”, “ma’rifat”, “o‘rganish natijasida hosil bo‘lgan bilim” degan ma’nolarni anglatadi. “-iy” qo‘shimchasi esa “ilmga oid”, “fan bilan bog‘liq” ma’nosini hosil qiladi. “Bilish” ‒ o‘zbekcha “bil-” fe’lidan yasalgan bo‘lib, “anglamoq”, “idrok etmoq”, “tushunmoq”, “o‘zlashtirmoq” ma’nolarini bildiradi. Ilmiy bilish atamasi etimologik jihatdan “fan asosida anglash va o‘rganish”, “ilmiy usullar yordamida voqelikni bilish jarayoni” degan ma’noni anglatadi.
Terminning o'zbekcha mazmuniy izohi
Falsafa va ilmshunoslikda ilmiy bilish insonning borliq, tabiat, jamiyat va tafakkur haqidagi bilimlarni ilmiy metodlar ‒ kuzatish, tajriba, tahlil, taqqoslash va umumlashtirish orqali egallash jarayonini bildiradi. Ilmiy bilishning asosiy maqsadi voqelikning qonuniyatlarini aniqlash va obyektiv bilim hosil qilishdan iboratdir. Ilmiy bilish va uning bosqichlari. Bilish bu obyektiv voqelikning inson ongida aks etish jarayonidir. Fanda ikki xil bilish farqlanadi: a) fahmiy (empirik, amaliy) bilish; b) nazariy (idrokiy, mantiqiy) bilish. Fahmiy bilishda o‘rganilayotgan manba, uning bo‘limlari va tarkibiy qismlari, belgi-xususiyatini aniqlash, saralash, izchillashtirish va tasvirlash ishlari amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor o‘rganish manbaning tashqi (zohiriy) xossalarini aniqlashga qaratiladi. Aslida bu hali tahlil emas, balki ilmiy o‘rganishga kirishishning ilk bosqichi. Nazariy bilish empirik, ya’ni fahmiy bilishsiz amalga oshmaydi. Amaliy bilish jarayonida to‘plangan faktik material nazariy bilish jarayonida aqliy tafakkur yo‘li bilan umumlashtirilib, ularning mohiyati ochiladi. Manbani o‘rganishning har ikki bosqichi ham birday muhim bo‘lib, ular bir-birisiz to‘laqonli bo‘lolmaydi. Ularga nisbatan bilishning ikki qutbi sifatida munosabatda bo‘lish noto‘g‘ri. Xo‘sh, bilishning ikki zaruriy bosqichi nuqtayi nazaridan o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotini qanday baholash mumkin? O‘zbek tilshunosligi o‘zining (XX asrning 20-yillaridan 90 yillarigacha) amaliy bosqichni bosib o‘tdi. Bu davrda amalga oshirilgan ishlar quyidagilardan iborat edi: 1) tilning bo‘limlari aniqlandi; 2) har bir bo‘limga doir birliklar chegaralandi; 3) birliklarning zohiriy alomatlari yoritildi. Masalan: fonetika sohasida hozirgi o‘zbek tilida 6ta unli, 24 ta undosh borligi aniqlanib, ularning bevosita sezgi a’zolariga ta’sir qiluvchi xossalari o‘rganildi. Unlilardagi lablanganlik-lablanmaganlik, til orqa, til o‘rta, til oldi, yuqori torlik, quyi va o‘rta kenglik belgilari shular jumlasidandir. Biroq har bir unlining mohiyati – substansiyasiga bu zohiriy belgilar qay darajada daxldor degan muammo nazariy o‘rganish jarayonida fonemalarning variantinvariantlik muammosi ostida tadqiq qilindi. Har bir unlining (undoshlarning ham) mohiyati nazariy usullarda ochib berildi. Shunday holatni morfologiyada ham kuzatish mumkin. Bunda so‘z turkumlari, har bir turkumga xos grammatik shakllar aniqlandi. Grammatik shaklning zohiriy belgilari – nutqiy xususiyati tadqiq qilindi. Masalan: har bir kelishikning 20 dan 50-60 tagacha ma’nosi ajratilib, tavsiflandi. Bu ma’nolar sirasini yana davom ettirish mumkin. Zero hodisalar cheksiz bo‘lib, ular qanchalik ko‘paysa, manba mohiyatini shuncha qorong‘ilashtiradi, to‘sib qo‘yadi. Quyidagi misollarga diqqat qiling: Oysaraning kitobi Oysaraning opasi Oysaraning uyi Oysaraning shodligi. Bunda empirik yondashuv qaratqich kelishigining “qarashlilik”, “mansublik”, “egalik”, “subyekt-harakat” kabi to‘rtta ma’nosini farqlashni taqozo qiladi (qatorni yana davom ettirish va ma’nolar sonini ko‘paytirish mumkin). Bu – zohiriy ma’no, nutqiy hodisa. Empirik tilshunosdan mohiyatga tomon bundan chuqurroq borish talab qilinmaydi. Nazariyotchi kelishikning har bir qo‘llanishidagi farqdan “ko‘z yumib”, umumiy jihatni qidiradi. Farqlarning (kitob), (opa), (uy), (shodlik) va boshqa so‘zlar ta’sirida ekanligini nazariy yo‘l bilan aniqlaydi hamda shu asosda qaratqich kelishigining mohiyatini ochadi. Nazariy o‘rganish jarayonida til hodisalarida zohiriy (nutqiy) va botiniy (lisoniy) jihat farqlanadi. Har bir birlik yondoshlari bilan o‘zaro munosabatda o‘rganiladi, ularga tizimiy yondashiladi. Masalan, yuqoridagi misolning birinchisida (Oysaraning kitobi) qaratqich kelishigining “qarashlilik”, ikkinchisida (Oysaraning opasi) “mansublik” nutqiy (xususiy) ma’nolari voqelangan. Biroq qaratqich kelishigi shaklining barcha qo‘llanishi uchun umumiy jihat – “oldingi ismni keyingi ismga tobelash” ma’nosi bevosita kuzatishda berilmagan va u lisoniy qiymatga ega. Bu umumiylik yuqoridagi misollarda “Oysara so‘zining opa so‘ziga qaratuvchilik munosabatini ifodalash”, ikkinchisi “Oysara so‘zining kitob so‘ziga qaratuvchilik munosabatini ifodalash” tarzida bevosita kuzatishga chiqqan, sezgi a’zosi bilan his qilinadigan qiymat kasb etib xususiylashgan. Empirik tilshunos har bir birlikni alohida-alohida tekshiradi. Masalan, a unlisini boshqa unlisiz, biror zamon yoki kelishik shaklini boshqasidan ajratib, uzib o‘rganadi. Nazariy o‘rganish bosqichida esa ular o‘z tizimdoshi bilan yaxlitlikda tahlil etiladi. Har bir birlikning, deylik, unlining, boshqa tizimdoshi bilan o‘zaro munosabatida namoyon bo‘ladigan belgisi nazariyotchi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Til hodisalarini bu tarzda o‘rganish tizimiy yondashish deyiladi. Nazariy tilshunoslik har qanday birlikning mohiyati uning munosabatini chuqur tahlil qilish bilan ochiladi, degan g‘oyaga tayanib ish ko‘radi.